Матбуот маркази

Korrupsiyaga qarshi kurashish

TOSHKENT DAVLAT TIBBIYOT UNIVERSITETINING KO‘P TARMOQLI KLINIKASI BOSH SHIFOKORINI KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH BO‘YICHA KLINIKA JAMOASIGA VA JAMOATCHILIKGA MUROJAATI

TOSHKENT DAVLAT TIBBIYOT UNIVERSITETINING KO‘P TARMOQLI KLINIKASI BOSH SHIFOKORINI KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH BO‘YICHA KLINIKA JAMOASIGA VA JAMOATCHILIKGA MUROJAATI

Hurmatli hamkasblar! Aziz yurtdoshlar!

         

     Bugungi kunda Respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylanib ulgurdi. Buni so‘nggi yillarda sohaga oid qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ma’muriy islohotlar misolida ham ko‘rish mumkin.

     Davlat va jamiyat uchun jiddiy xavf soluvchi illat bu - Korrupsiya. Shu bois yurtimizda barcha sohalar qatori klinikada ham bu illatga qarshi keskin va murosasiz kurashish, turli byurokratik hamda inson omili bilan bog‘liq holatlarga barham berishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

     Davlatimiz rahbari ham mazkur masalaga alohida urg‘u berib, jamiyatni «halollik vaksinasi bilan emlash» zaruriyati haqidagi fikrlari bu boradagi ishlarga qo‘yilgan tamal toshi desak ham bo‘ladi.

     O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq faoliyatni takomillashtirish uchun kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Bu borada qator ko‘rsatmalar hamda tegishli buyruqlar chiqarilib ijrosi bo‘yicha chuqur taxlil va nozorat o‘rnatildi. Davlat Rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashga doir tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda, bu illatning oldini olish va profilaktika qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

    Jumladan, korrupsiya xavfini baholash, xodimlarni korrupsiyaga qarshi kurashishga o‘rgatish va ularning malakasini oshirish, buning uchun samarali ichki nazorat, xususan, jamoatchilik va xodimlarga korrupsiyaga oid masalalar, Klinika tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar bo‘yicha avtomatlashtirilgan yechimlar va boshqa chora-tadbirlar yuzasidan murojaat qilish tizimi joriy etilgan.

     Albatta, jamoatchilikning faol ishtiroki va yurtdoshlarimiz ko‘magisiz ushbu maqsad va marralarga erishish, tibbiyotni korrupsiyadan xoli, to‘laqonli xalqchil tizimga aylantirish mushkul. Shu sababli bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarimizni birlashtirish va o‘zaro hamkorlikda o‘z yechimini kutayotgan og‘riqli muammolarimizni yelkama-yelka turib, samarali hal etish yuzasidan Sizlarga murojaat qilmoqdaman!

     Bugun sohadagi yutuqni – yutuq, kamchilikni – kamchilik, deb aytib, tizimdagi “kasalliklar”ga to‘g‘ri tashxis qo‘yib, ularning davosini topishga birgalikda harakat qilishimiz zarur. Korrupsiyaviy holatlardan kelib chiqib, klinikada korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy mexanizmlarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Soha faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, jamoatchilik oldida hisobdorlikni oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.

    Xususan, qisqa vaqt ichida klinikada Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi tashkil etildi. O‘z navbatida, soha rahbar-kadrlari bugungi kun talablaridan kelib chiqib, zamonaviy menejment asoslari bo‘yicha o‘qitish rejalashtirilmoq. Klinika hisobchilarining moliyaviy bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qitishni tashkil qilinyapti.

    Albatta, bu hali yetarli emas. Oldinda o‘z yechimini kutayotgan muammolar, davlatimiz rahbari oldimizga qo‘ygan talab va vazifalar ko‘p. Shundan kelib chiqib, biz korrupsiyaga qarshi kurashishda kuchli jamoatchilik nazoratini o‘rnatishni muhim mezon, deb bilamiz.

Hurmatli fuqarolar!

     Klinika xodimlarining korrupsiyaviy xatti-harakatlariga guvoh bo‘lsangiz yoki qonunchilikka zid boshqa huquqbuzarlik holatlariga aloqadorligi yuzasidan ma’lumotga ega bo‘lsangiz, Klinikaning +99877-724-71-75 “Ishonch telefoni”ga, https://t.me/Klinikakor_bot rasmiy telegram boti yoxud info@klinikatta.uz elektron pochta manzili orqali o‘z murojaatingizni yo‘llashingiz mumkin.

     Shu o‘rinda, nafaqat korrupsion holatlarni barataraf  etish, balki sohani yanada takomillashtirishda Sizning fikr va mulohazalaringiz biz uchun juda muhim ekanligini yana bir bor eslatib o‘tmoqchiman. Qilingan murojaat klinika mutasaddi xodimlari tomonidan qisqa muddatlarda ko‘rib chiqilib, zarur amaliy choralar ko‘rilishini ma’lum qilaman.

Rustamova Dildora Abdumalikovna,
Toshkent Davlat tibbiyot universitetining
ko‘p tarmoqli klinikasi Bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori