Пресс-Центр

Противодействие коррупции

Sog'liqni saqlash vazirining korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha tibbiyot xodimlari va jamoatchilikga murojaati

Sog'liqni saqlash vazirining korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha tibbiyot xodimlari va jamoatchilikga murojaati

Hurmatli hamkasblar! Aziz yurtdoshlar!

Korrupsiya — davlat va jamiyat uchun jiddiy xavf. Shu bois yurtimizda barcha sohalar qatori sog'liqni saqlash tizimida ham bu illatga qarshi keskin va murosasiz kurashish, turli byurokratik hamda inson omili bilan bog'liq holatlarga barham berishga qaratilgan keng ko'lamli chora-tadbirlar amalga oshirilyapti.

Albatta, jamoatchilikning faol ishtiroki va yurtdoshlarimiz ko'magisiz ushbu maqsad va marralarga erishish, tibbiyotni korrupsiyadan xoli, to'laqonli xalqchil tizimga aylantirish mushkul. Shu sababli bu yo'nalishdagi sa'y-harakatlarimizni birlashtirish va o'zaro hamkorlikda o'z echimini kutayotgan og'riqli muammolarimizni elkama-elka turib, samarali hal etish yuzasidan sizlarga murojaat qilmoqdaman!

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganlaridek, "korrupsiyaga qarshi kurashish umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishi. Korrupsiyaga "jamiyat tanasidagi saraton" sifatida qarash kerak".

Shu ma'noda, bugun sohadagi yutuqni – yutuq, kamchilikni – kamchilik, deb aytib, tizimdagi "kasalliklar"ga to'g'ri tashxis qo'yib, ularning davosini topishga birgalikda harakat qilishimiz zarur.

Ammo, afsuski, hali ham sog'liqni saqlash muassasalarida korrupsiya, byurokratiya, ta'magirlik, manfaatlar to'qnashuvi kabi ayrim salbiy holatlar saqlanib qolyapti. Bu esa, tizimdagi islohotlar samaradorligiga putur etkazib, xalqimizning tibbiyotga, fidoyi mutaxassislarimiz mehnatiga bo'lgan ishonchini zaiflashtirmoqda. 

Ana shu holatlardan kelib chiqib, tizimda korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy mexanizmlarini keng joriy etishga alohida e'tibor qaratyapmiz. Soha faoliyatida ochiqlikni ta'minlash, jamoatchilik oldida hisobdorlikni oshirish bo'yicha zarur choralar ko'rilmoqda. 

Xususan, qisqa vaqt ichida qator elektron modullarni o'zida jamlagan yagona tibbiyot axborot tizimi (DMED) yaratilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda. Shuningdek, "Situasion markaz" tashkil qilinishi sohada byudjet mablag'larining maqsadsiz sarflanishi hamda korrupsiya risklarini barvaqt aniqlash va oldini olishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir. 

Binobarin, tibbiyot xodimlarini ishga qabul qilishda raqamlashtirilgan yangi mexanizm ishga tushirilgani va Buxoro viloyatida tajriba-sinov loyihasi sifatida joriy etilgani muhim yangiliklar sirasidan. 

O'z navbatida, soha rahbar-kadrlari bugungi kun talablaridan kelib chiqib, zamonaviy menejment asoslari bo'yicha o'qitilmoqda. Tibbiyot muassasalari hisobchilarining moliyaviy bilim va ko'nikmalarini oshirish bo'yicha o'quv kurslari tashkil qilinyapti.

Albatta, bu hali etarli emas. Oldinda o'z echimini kutayotgan muammolar, davlatimiz rahbari oldimizga qo'ygan talab va vazifalar ko'p. Buni to'laqonli uddalash uchun butun yurtdoshlarimiz birlashib kurashishi zarur. Shundan kelib chiqib, biz korrupsiyaga qarshi kurashishda kuchli jamoatchilik nazoratini o'rnatishni muhim mezon, deb bilamiz. 

Hurmatli fuqarolar!

Vazirlik Markaziy apparati, hududiy boshqarmalari, tizim tashkilotlari va muassasalari xodimlarining korrupsiyaviy xatti-harakatlariga guvoh bo'lsangiz yoki qonunchilikka zid boshqa huquqbuzarlik holatlariga aloqadorligi yuzasidan ma'lumotga ega bo'lsangiz, vazirlikning "1203" qisqa raqamli "ishonch telefoni" hamda https://t.me/ssvantikor_bot rasmiy Telegram boti yoxud info@ssv.uz elektron pochta manzili orqali o'z murojaatingizni yo'llashingiz mumkin. 

Shu o'rinda, nafaqat korrupsion holatlarni barataraf etish, balki sohani yanada takomillashtirishda Sizning fikr va mulohazalaringiz biz uchun juda muhim ekanligini yana bir bor eslatib o'tmoqchiman. Har bir murojaat Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan qisqa muddatlarda ko'rib chiqilib, zarur amaliy choralar ko'rilishini ma'lum qilaman. 

Asilbek Xudayarov,
O'zbekiston Respublikasi
Sog'liqni saqlash vaziri